Yurtimizda iqlimiy xavflarni sug‘urtalash bo‘yicha xorij tajribasi qo‘llaniladi


22.07.2022

Joriy yilning 13-iyul kuni Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligida ayni shu masalalar yechimiga bag‘ishlangan uchrashuvda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD)ning iqlimiy xavflarni sug‘urtalash bo‘yicha eksperti Faraz Amjad va O‘zbekistondagi BMTTD dasturi vakili Pishenbay Umirbekovlar bilan O‘zbekiston sug‘urta bozorida yangi sug‘urta mahsulotlari va xizmatlarini ishlab chiqish hamda ularni amaliyotga joriy yetish masalalari muhokama etildi.

Suhbat davomida mamlakatimiz dunyodagi 20 dan ziyod davlatlar orasidan “Inklyuziv sug‘urta va risklarni moliyalashtirish” loyihasini amalga oshirish uchun tanlab olinganligi alohida qayd etildi. Taklif etilayotgan loyiha yangi sug‘urta mahsulotlari, vositalari va xizmatlarini ishlab chiqish va joriy etishning katalizatoriga aylanishi, shuningdek, O‘zbekistonda sug‘urta bozorining uzoq muddatli o‘zgarishini qo‘llab-quvvatlashi aytildi.

Hamkorlikda amalga oshirilishi kutilayotgan loyiha institutsional salohiyatni rivojlantirish bilan birga qonunchilik va tartibga soluvchi islohotlar orqali sug‘urta bozorini yaratishga xizmat qiladi. Ushbu loyiha investitsiyalar, o‘qitish va ta’lim, shuningdek, sug‘urta sohasidagi sheriklar bilan mahalliy bozorga moslashtirilgan sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik orqali qo‘llab-quvvatlanadi.

Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad – BMTTDning sug‘urta va risklarni moliyalashtirish mexanizmini taqdim etish va O‘zbekistonda sug‘urta bozorini yanada rivojlantirish, shuningdek, eng yaxshi xalqaro sug‘urta tajribasini mahalliy bozorga integratsiyalash masalalarini muhokama qilishdan iborat.

Diagnostika mamlakatning iqtisodiy yo‘qotishlarga va tabiiy ofatlarga nisbatan moliyaviy barqarorlikni oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida BMTTD O‘zbekistondagi davlat va xususiy sektor manfaatdor tomonlariga o‘z yordamini taqdim etadigan oltita asosiy yo‘nalishni aniqladi.

Ushbu sohalarga quyidagilar kiradi:

  • Sug‘urta sektorining me’yoriy-huquqiy bazasini mustahkamlash va sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligining nazorat qiluvchi xodimlarining malakasini oshirish;
  • Hukumat darajasida davlat aktivlarini tabiiy ofatlar xavfidan sug‘urtalash sxemasini ishlab chiqish;
  • Inklyuziv sug‘urtani rivojlantirish;
  • Qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash sxemasini ishlab chiqish va xatarlarni modellashtirishni qo‘llab-quvvatlash;
  • Mikromoliya xizmati ko‘rsatuvchilari, fermerlar uyushmalari va xotin-qizlar uyushmalarining sug‘urta savodxonligini oshirish;
  • Ishsizlikni sug‘urtalashning milliy tizimi rivoji.

Yuqorida ta’kidlangan yo‘nalishlar tahlil natijalari asosida aniqlangan bo‘lib. ushbu faoliyat yo‘nalishlari milliy manfaatdor tomonlar bilan muhokama qilinishi va 2022-yil iyulidan 2024-yil iyuniga qadar qo‘shma ish rejasi asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

© Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi axborot xizmati

Yangiliklarga obuna bo'lish


Оbunani bekor qilish uchun elektron pochtangizni kiriting