O‘zbekiston sug‘urta bozori rivojlanish tendensiyalari xalqaro hamjamiyat nigohida

Joriy yilning 27-iyun kuni Toshkent shahrida joylashgan «Hilton» mehmonxonasida «Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda sug‘urta faoliyatini rivojlantirish istiqbollari» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli xalqaro anjuman O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi, Toshkent moliya instituti va «O‘zbekinvest» eksport-import sug‘urta kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil qilinib, unda xalqaro sug‘urta hamjamiyati, sohaning mahalliy va xorijiy ekspertlari hamda tahlilchilari ishtirok etdi.
Anjumanda Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda sug‘urta sektorining rolini oshirish, iqtisodiyotning real sektori, tashqi va ichki investitsiyalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni sug‘urta yo‘li bilan himoyalashning xalqaro tajribasini o‘rganish va muhokama qilish, fuqarolarga ko‘rsatiladigan sug‘urta xizmatlarini rivojlantirish va aholining sug‘urta madaniyatini oshirish, sug‘urta bozorini tartibga solishning prudensial normalarini takomillashtirish hamda sug‘urta faoliyatini raqamlashtirish va axborot xavfsizligini ta’minlash borasida soha ekspertlari tomonidan qimmatli fikrlar bildirildi.
Konferensiyaning yalpi yig‘ilishida so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasida sug‘urta xizmatlari bozori jadal sur’atlar bilan rivojlanayotganligini, xususun, bugungi kunda 42 ta sug‘urta kompaniyalari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarga 150 dan ortiq sug‘urta xizmatlari ko‘rsatilayotganligini alohida qayd etdilar.
Konferensiya ishida 200 ga yaqin soha mutaxassislari, ekspertlar, tahlilchilar, professor-o‘qituvchilar hamda ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdi. Jumladan, Polsha, Turkiya, Rossiya, Belorussiya, Qozog‘iston va Tojikiston kabi davlatlardan olim va mutaxassislarning o‘z ma’ruzalari bilan chiqishlari konferensiya qatnashchilarida chuqur taassurot qoldirdi.
© Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi axborot xizmati