Toshkent shahar sudi vakillari bilan davra suhbati


03.02.2022

2022-yil 2-fevral kuni AJ “Asia Insurance” Sug’urta kompaniyasi Bosh ofisida Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyalar hay’ati sudyalari M.I. Zokirova, G.I. Abdurahmonova va S.M. Safoyeva ishtirokida Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ishlab chiqilgan targ‘ibot va huquqiy ishlar rejasi asosida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Kun tartibida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 107-sonli “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini samarali himoya qilishni ta’minlash, aholining sudlarga ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhokama qilindi.

Sudya G.I. Abdurahmonova mamlakatimizda sud-huquq tizimini demokratlashtirish, sudlar faoliyatining ochiqligini ta’minlash, jamoatchilik bilan aloqalarni kengaytirish, odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik rolini kuchaytirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Sudya M.I. Zokirova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 107-son Farmoniga asoslanib da’vo arizalarini, shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibiga o‘zgartirishlar, shuningdek, tomonlarga o‘zaro kelishuv bitimini tuzish huquqini berish to‘g‘risida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ommaviy-huquqiy munosabatlar to‘g‘risida to’xtalib o’tdi.

Sudya S.M. Safoyeva, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘i asosida bank sohasiga oid bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlarga to‘xtalib o‘tdi, ularga o‘zgartirishlar kiritilayotganini tushuntirdi.

 Sudyalar nafaqat kun tartibidagi masalalar, balki oilaviy, mehnat, uy-joy nizolari bo‘yicha sug‘urta kompaniyasi xodimlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob berdilar.

Yangiliklarga obuna bo'lish


Оbunani bekor qilish uchun elektron pochtangizni kiriting